Jonimdin o’zga yori vafodor topmadim,
Ko’nglumdun o’zga maxrami asror topmadim.

Zahiriddin Muhammad Bobur

Bugun turib turib dunyoga sig’may ketdim, bu g’alar his qaydan kelganiga o’zim ham hayronman. O’zimga dakki berib shukur qilmaysanmi deyman-u. Qani endi bu so’zlar kor qilsa. Shunday mahalda darding kimga yorishni bilmay qolasan. Qo’limga telefon go’shagini olarkanman butun adres ro’yhatini ko’zdan kechirib chiqqach, vijdonim na qilasan boshqalarni o’z qalb siqilishlaring ila bezovta qilib deydi-da, uni yana joyiga sekin qo’yaman.

Shu onda qalb o’zi nima deyman. U nimadan bunchalik siqiladi?

Kaminaning tahminicha qalb yurakda joylashgan. U boshida shunday toza, musaffo, saffof oyna bo’lgani uchun ham eng oliy tuyg’ularimiz u yerda makon quradi. Rabbmiz, ota-onamiz, oilamiz, yaqinlarimiz, dostu-birodarlarimizga uning to’ridan joy ajratib beramiz. Lekin bu musaffo oyna dunyo kirdikorlaridan va taqdir charhpalaklaridan necha sinib, qayta tiklanib chiqsada, uni doimo yana tozalab ravshanlashtirib turish hayolimizga ham kelmaydi. Gohida dunyo ko’zimizga tor ko’rinib ketishi balkim ana shundandir? O’ylay o’ylay shu hulosaga keldim. Qalbdek pokiza, mo’tabar joyda eng buyuk hislatlarimizu, o’ylarimiz joy olgan ekan, u yerni o’z vaqtida sarishta saronjom qilib turishlikni yoddan chiqarmasligim kerak ekan. Inshaalloh, shunda qay tarafdan kelgan nogoh siqilishlar o’rnini yorug’lik nurlari chulg’asa.