

Mana muborak ramazon oyining tonglaridan birida navbatdagi ilm sari harakatlar izidan yana o’yga tolar ekanman, hali juda ko’p narsalarni ko’rib ularning asli mohiyatiga yetmayotganimga, ko’plab voqeliklar hayratga solib qo’yayotganidan biroz og’ringan bo’ldim.
Aytishlaricha ramazon oyi barcha shaytonlar kishanlanadigan buyuk va mo’tabar oydir. Shunday bo’lsa ham ushbu oyda ko’plab nojo’ya hatti harakatlar qilishni ep biladiganlar bor ekan, shundaylarni ko’rib inson oh deb faryod urib yuborgisi keladi.
Shu oyda go’zal ezgu niyatlar ila ro’zani tuta boshlaganlar har hil sabablarga ko’ra o’zlarining ilk ko’zlagan niyatlarini yoddan chiqarib qoyishlari ham mumkin ekan. Har hil bo’lmag’ur gaplar ila o’zlariga bahonalar topib nima sababdan ro’za tutmay qo’yganliklarini jon holatda tushintirar ekanlar, mening hayolimda aylanayotgan yakkayu yagona fikr – “aslida sizlar buni menga emas go’yoki o’zingiz shu ishingiz balki joiz emasligini sezganliklaringiz uchun o’zlaringizni yupatmoqchi bo’lganday shuni aytyabsizlar, mendan aslo uzr so’rab, tuta olmayotganingiz sababini tushuntirishlaringizning darkor emas”, degan fikr aylanaveradi, aylanaveradi. Qachon uzr aytishlarini tugatadilaru men shularni ularga aytaman deb yana ko’ngil siqilaveradi.
Ajabo, inson zoti payti kelganda juda so’zga chechan bo’lib ketarkan. O’z uzrlarini aytish, o’zlarini oqlash uchun nimalar o’ylab topishmas ekan! Bularni ko’rib turib insonning fantaziyasi naqadar kuchli bo’la olishiga tan berib yuboraman. Yana aytaman: “menga uzr aytishni bas qilingizlar, ahir men kimman, Allohdan mag’firat so’rang”, deymanu, ular uchun ichimda duo qilaman: “Allohim shu bandalaring qalbiga ham imon nurini solgin!”
Garchi o’zi musulmon bo’lmasada bizarga bo’lgan hurmati yuzasidan, kuni bilan birga yurib og’ziga urvoq ham olmaganlar esa bu holatni ko’rib umuman o’zlarini yo’qotib qo’yganliklari esa yana odamni ko’nglini hira torttiradi. Ular garchi diningni to’liq tushunib yetmasalarda hurmat yuzasidan qilayotgan oliyjanobliklari bu. Gohida o’zini musulmon atab yurganlarning amallari kofirlarnikidan oshib o’tar darajada nojo’ya bolishi ham mumkin ekan. Va dindor bo’lmasalarda qalblari ila his qilgan odamlarning oliyjanobliklari esa har bir qilgan amalimiz ezgu niyat va qalb namoyonligi ila qilinmasa bir pul ekanligiga yana bir nishonadir.
Dunyo ishlari qiziq ekan, yahshi niyat ila, bir necha kun mobaynida tayyorlanib, shu yerdagi o’zbek ayol-qizlarni chaqirib bir iftorlik qilay degan qizning ham hatti harakati zoye ketdi nazarimda
waallohi a’lam.
U shuncha odam ro’za tutgan birgalikda bir chiroyli iftorlik qilsak, zoye savoblarimiz ko’payar bilganlarimiz ila o’rtoqlashib ham olarmiz degan niyatda qilingan tadbir ham umuman o’zga yo’nalishda ketib qoldi.
Shuncha kelganlardan hech qaysisi ro’za tutmagan, tutganlarning ustidan kulishgan, ha dieta qilyabsizmi
qayeringizga dieta qilasiz shundoq ham nozikkinasiz, voy anavi qog’ozga sura yozib qo’yibsizmi (uy egasiga) uni o’rniga televizor yoniga chiroyli rasmlardan qo’yib qo’yib ko’nglimizni hushnud qilmaysizmi, deb har hil g’iybatlarga o’tilgach, odam dod deb bu yerdan chiqib ketgisi keladi.
Shunda ham hech bo’lmasa shu oyning hurmati bunday gaplardan yiroq bo’lishga qilgan undovlaringizdan esa ensalari qotib, hali siz ham ro’za tutasizmi, degan kinoyalari ila battar ko’ngilni honavayron qilisharkan. Ko’ngil osmoniga kelgan hafagarchilik bulutlarini darhol tarqatib ularga ham yaratilishimizda ruhimizning nurdan iborat bo’lgan qismi qayta kelishini tilab qoladi inson.
Hullas, o’zlari aytmoqchi o’yin kulgi vaqti tugab uylariga, qaytar chog’i duoga qo’l ochar ekanlar aytgan duolaridan ham odam har bir kishining niyati har hil bo’lishini bilarkan. Va o’zlarining niyatlari shunday bo’lganligi uchun boshqalarni ham o’zlari kabi deb bilishlarini odam tushunib yetarkan. Dieta qilganlar shu bir oyda ozlari hohlagandek ozib jahon standardlariga to’g'ri kelib qolishsin emish 
Meni chaqirgan insonga, iltimos keyingi safar bunaqa insonlar kelar ekan menga aytib qo’ygin, hafa bo’lsang ham kelmay qo’ya qolay, sen meni bilasan, nomiga u bu ish bitirish uchun tanish bilish orttirish niyatim yo’qligini bayon etdim. Hamda hadislarning birida aytilishicha: “Odamlar bilan munosabatni olov bilan munosabatga o’hshatishimiz kerakligini, agar bu olov tafti yoqimli bo’lsa unga yaqinroq kelib isinishimiz, agar kuydurguvchi bo’lsa undan uzoqroq turib o’zimizni ehtiyot qilishimiz kerakligini” aytib, men ham shunday gaplari, ish-harakatlari ila qalblarni kuydurguvchilardan sal uzoqroq bo’lishni loyiq topishimni, zero bundaylar sening undovlaringga loaql mafkura qilib ko’rmasliklari, aksincha ensalari qotib ko’nglingni hira qilishlari mumkinligini tushuntirdim.
Balkim bu gapim ila uni ham sal hafa qilib qo’ygandirman, lekin inson birov ta’siriga juda tez berilarkan, shundaylar ta’siriga u ham tushib qolayotganiga ko’z yumib keta olmadim halos.
Gohida o’zimdan hafa bo’lib ketaman, shuncha dunyoviy o’yu havaslarimizni amalga oshirishga harakat qilib, tog’larni talqon qilishga tayyor bo’lgan odam, mana shunday kundalik hayotda o’zlari yolg’on tushunchalarga ega, va boshqalarni ham shu tushunchalar sari chorlayotganini ko’rib turib shunday mahalda kuchli dalillar ila ular aytayotgan gaplari turgan bitgani bo’htonligini ko’rsatib bera olishga qodir emasligimdan homush tortaman.
Shunday mahalda yana yaralangan qalbga darmon istab Yaratganning kalomiga qayta ko’z yugurtirar ekanman, u yerda aytilgan har bir so’z zohirida olam olam ma’no yashiringanligi va shunday bir voqeliklar tufayli yana bir haqiqatlarni tushunib yetganimni anglab o’ziga shukur qilaman, va qolganlarga ham shuni anglab yetmoqlikni tilamoqdan ila o’zga choram yo’qligini sezaman.
Hammaga insofini bersin ekan!

Sakina
16.09.2007
07.36 am