Bir kun yarim hazil yarim chin o’zingiz bilgan sabablarga ko’ra kelin salom qilmasam kerak degan o’ylarimni eshitib ancha xafa bo’lgan edingiz. Bu haqda o’shandan keyin chuqur o’ylab ko’rdim. Onam ham bu haqda menga ko’pdan ko’p nasihat qildilar. Qizim axir har bir ona orzularidayoq bo’lgusi kelinini salomi ila ko’radi. Sen bo’lsang shunday baxtdan ham oyijoningni ham meni ham hamma yangi kelin tushibdi deb ko’rgani kelganlarni ko’nglini cho’ktirisanmi dedilar. Bu gaplaridan so’ng meni qiynayotgan narsani tubiga yetib aslida kelin salom qilish mumkin ekanligini topgach qanotlanib ketdim.

Ha men ham ilmim umuman bo’lmagan chog’larimdayoq, bolaligimdayoq har hayitda kelin ko’rgani borganimizda ko’rgan latofatli kelinlarning xusniga shaydo bo’laturib orzularimda o’zimni ham ular kabi xushu va lutf ila salom qilayotganimni ko’rar edim. Bu go’zal udumimiz tagida yotgan xurmat, uni so’zsiz shunday chiroyli tarzda ko’rsata bilish imkoni ham borligidan quvonar edim.

Xullas, bugun, boshimdan oshib yotgan ishimni ham (xa ishxonadagilar to’yim bo’layotganini va ketayotganimni eshitib ham hali ham qo’yib yuborgilari yo’q), o’qishimni ham (oxirgi 2ta imtihonim qoldi o’tishga Allohim o’zing qo’llab yubor), ketish uchun hozirlash kerak bo’lga nbir talay hujjatlarimni ham bir chetga surib qo’ydim.

Sababi?

Sababi men ham axiyri, o’zimni bir oddiy qiz kabi xis qilish, ayir hayotimda shunday katta o’zgarish yasalayotgan bir paytning xuzurini men o’ta bandlik ila sezmay qolayotganimni angladim. Bunga ham onam nidosi va sizning biroz o’pkalab gapirganlaringiz sabab bo’ldi. O’zi to’yingiz bo’lib, yangi hayotga qadam qo’yayotganingizni anglayapsizmi deb hamma yaqinlarim so’raydi. Xa deb qo’ya qolamanu yana tashvishlarimu bitirish kerak bo’lgan ishlarim girdobiga sho’ng’ib ketaman.

Bugun o’zimga alam qildi, bunday olib qarasa, har bir qizning butun umr orzu qilib kutgan, 1000 bir hayojon ila tasavvur qilgan damlarini men o’zim o’rgnaib qolgan o’ta bandligim tufayli o’tqazib yuborayotgan ekanman.

Bugun havoning kutilmaganda isishi, undan keyin bahorga xos bo’lgan soflik isi butun olamni qamrab olishi mening ham qalbimga ta’sir qilganday bo’ldi. Tabiat yangilanayotgan, yomg’irni boshlab kelayotgan pag’a pag’a bulutlar singari mening ham ko’nglimga bu dunyo tashvishlarini uloqtirib yuborishga (hech bo’lmaganda 1 kunga) undadi. Shunda hamma aytilgan gaplarni eslab. Bir o’zbekcha yangi ko’ylagimni oldim. Uni ola solib olinganiga 2 yil bo’lganiga qaramay umuman kiymaganim va buning sababini ko’rib darhol qo’limga qaychi va igna ip olib ko’ylakni o’z didimga moslab tikib bichishga kirishib ketdim. Bu ish ila mashg’ul ekanman, kunlar davomida hamma tashvishlar ko’nglimni ezib qo’yganini, bu maroq ila qilayotgan ishimdan, qalbim ham qanotlanib behad hursand bo’layotganini shuning uchun go’zal go’zal qo’shiqlar dilimga kelib ularni kuylay boshlaginimni sezdim. Xa odam zotining hursand bo’lishi uchun aslida ko’p narsa kerak emas ekan. Xash pash deguncha ko’ylak ham tayyor bo’ldi. Kiyib ko’rib o’zimning ham ko’zlarim quvonchga to’lib ketdi. Naqadar yarashibdiya. Ah ayajonim, olib bergan ko’ylagingizni bichib, tikib mana kiyib ham oldim :-)

Shunda bo’lg’usi kelin (inshaallah) ekanligim esimga tushib jo’shib ketdim. Ana mana deguncha sochlarimning ikki o’rimi belimga tushdi, boshimga atirgulli go’zal do’ppi qo’ndi. Undan keyin esa harir ro’mol o’rab uning ustidan undanda nozik bo’lgan ipak ro’mol tashlab, bilasizmi nima…. kelin salomni mashq qilib ko’rdim. Bu mashq shunaqa zavqli bo’lib ketdiku ko’ngillarim entikib ketdi. Inshaalloh bundanda go’zal salomlarim, go’zal xulqim, shirin muomalam va aqlu-jozibam ila meni kutgan xonadonning ko’zining nuri, qalbining quvonchi bo’lay (omin).

Bunday go’zal baxt barcha qizlarga nasib etsin!

Yaratganga behad shukrlar bo’lsin!